O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademik litseylarining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3216-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek ichki ishlar organlari uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3216-son qarori bilan:

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga aylantiriladigan akademik litsey va kasb-hunar kollejlari ro‘yxati tasdiqlanganligi;

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi ta’lim shakliga qabul faqat Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, shuningdek ichki ishlar organlari xodimlari tarkibidan amalga oshirilishi;

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetiga va Favqulodda vaziyatlar vazirligi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarining bitiruvchilari uchun ularning test sinovlari davomida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 10 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar tarzida imtiyozli shartlar tatbiq etilishi;

(1-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-iyuldagi 466-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 09/21/466/0713-son)

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti yoki Favqulodda vaziyatlar vazirligi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kira olmagan idoraviy akademik litseylarning bitiruvchilari ushbu vazirliklar va idoralar rahbarlari tomonidan belgilanadigan tartibda ustunlik asosida tegishlicha ichki ishlar organlariga, Milliy gvardiyaning qo‘riqlash xizmatiga va Favqulodda vaziyatlar vazirligining yong‘in-qutqaruv bo‘linmalariga xizmatga qabul qilinadi.

(1-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-iyuldagi 466-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 09/21/466/0713-son)

2. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarda ichki ishlar organlari xodimlari uchun zarur bo‘lgan fazilatlar va dastlabki kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida tashkil etiladigan huquqiy va boshqa umumkasbiy fanlardan seminar va amaliy-o‘quv mashg‘ulotlari hududiy ichki ishlar organlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ko‘p yillik boy amaliy tajribaga ega xodimlari jalb etilgan holda o‘tkazilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarida yuqori sifatli o‘quv-tarbiya jarayonini ta’minlashda, shuningdek pedagoglar malakasini oshirishni tashkil etish yuzasidan tizimli ravishda har tomonlama metodik va amaliy yordam ko‘rsatsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘z tizimidagi akademik litseylarda ta’lim yo‘nalishlarini ichki ishlar organlarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib mustaqil belgilaydi.

6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘quvchilarni o‘z tizimidagi akademik litseylarga o‘qishga qabul qilish imtihonlarini shaffof va xolisona o‘tkazilishini ta’minlasin hamda har qanday korrupsiyaviy holatlarning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bilan birgalikda Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga o‘qishga kirayotgan o‘quvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ikki oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov va oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

© 2019-2025 O'zbekiston Respublikasi Ichki ichlar Vazirligi Qoraqalpoq akademik litseyi