O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Qoraqalpoq akademik litseyi
USTAVI
1-§. Umumiy qoidalar
1. Ushbu ustav O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Qoraqalpoq akademik litseyida o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi va u O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 26 sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 767-sonli va 2021 yil 28 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligining umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 466-sonli Qarorlariga hamda O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2017 yil 6 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarining namunaviy ustavini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 223-sonli va 2021 yil 28 avgustdagi “Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarining ichki intizom ustavini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 312-sonli buyruqlariga muvofiq tuzilgan.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Qoraqalpoq akademik litseyida (bundan buyon matnda – akademik litsey deb yuritiladi) Davlat ta’lim standartlariga mos ravishda o‘rta maxsus ma’lumot beruvchi, o‘quvchilarning qiziqishi va imkoniyatlaridan kelib chiqib, jadal intellektual rivojlanishini ta’minlaydigan hamda o‘quvchilarni ichki ishlar organlari xodimlari uchun zarur bo‘lgan yuksak vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga, dastlabki kasbiy bilim va ko‘nikmalarga ega aqlan va jismonan yetuk qilib tarbiyalaydigan, ularni kelgusida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta’lim muassasalariga kirishlari uchun maqsadli chuqur tayyorlashga ixtisoslashgan davlat ta’lim muassasasi hisoblanadi.
3. Akademik litsey O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi, «Ta’lim to‘g‘risida»gi, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» to‘g‘risidagi va boshqa qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlari hamda ushbu Ustavga muvofiq ravishda o‘z faoliyatini amalga oshiradi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseyga umumiy rahbarlik qiladi, nazoratni tashkil etadi, tashkiliy-kadrlar va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralarini ko‘radi hamda ularning hududiy ichki ishlar organlari bilan hamkorligini ta’minlaydi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi akademik litseyning o‘quv-metodik jarayonini muvofiqlashtiradi va ularga axborot-resurs ta’minotida amaliy jihatdan yordam ko‘rsatadi.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga akademik litseylarning samarali faoliyat ko‘rsatish, o‘quv-tarbiya jarayonining tashkil etilishida ularga zarur amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek o‘qishga nomzodlarning xolisona va sifatli tanlab olish bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat yuklatiladi.
7. Akademik litsey berilgan moddiy texnik bazani saqlab qolish, mustahkamlash va rivojlantirish tadbirlarini amalga oshiradi, shuningdek ajratilgan mablag‘lardan oqilona va samarali foydalanishni nazorat qiladi.
8. Akademik litsey yuridik shaxs hisoblanadi hamda banklarda hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘zining nomi ko‘rsatilgan muhrga, shtampga va blankalarga ega bo‘ladi.
9. Akademik litseyning o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi rasmiy to‘liq nomi:
- o‘zbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillaridagi rasmiy to‘liq nomi:
- o‘zbek tili, kiril alifbosida – «O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Qoraqalpoq akademik litseyi»;
- o‘zbek tili, lotin alifbosida – «O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Qoraqalpoq akademik litseyi»;
- qoraqalpoq tili, kiril alifbosida – «Өzbekistan Respublikasы Ishki isler ministrliginiң Qaraqalpaq akademiyalыq litseyi»;
- qoraqalpoq tili, lotin alifbosida – «O‘zbekistan Respublikasi Ishki isler ministrliginin’ Qaraqalpaq akademiyaliq liceyi»;
- rus tilida – «Karakalpakskiy akademicheskiy litsey Ministerstva vnutrennix del Respubliki Uzbekistan»;
- ingliz tilida – «Karakalpak academic lyceum of the Ministry of Internal Affairs of the Republic of Uzbekistan».
10. Akademik litseyning joylashgan yeri (pochta manzili): Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri To‘rtko‘l guzari 43-uy, 230100.
11. Ushbu Ustavga Akademik litsey xodimlarining umumiy yig‘ilishi qarori bilan o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
2-§. Akademik litseyning maqsadi va vazifalari
12. O‘quvchilarni chuqurlashtirilgan va kasbga yo‘naltirilgan holda o‘qitish, intellektual rivojlanishini ta’minlash hamda yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash akademik litsey faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
13. Akademik litseyning vazifalari:
Ichki ishlar vazirligining akademiyasiga kirish uchun huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasi yuqori, intellektual va ma’naviy salohiyati yuksak, jismonan yetuk, irodasi kuchli va shijoatli nomzodlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun malakali kadrlarni tayyorlash; o‘qitishning innovatsion shakl va metodikalarini joriy etish asosida milliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, o‘quv adabiyotlarini zamon talablari asosida takomillashtirish va ularning yangi avlodini yaratish, o‘quvchilarda mantiqiy fikrlash va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida o‘quv va ta’lim dasturlarini davlat ta’lim standartlariga muvofiqlashtirish;
o‘quvchilarning mantiqiy va tizimli fikrlash qobiliyatini yanada o‘stirish maqsadida o‘quv jarayoniga o‘quvchilarda olingan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llay olishi, yuzaga kelgan turli muammoli vaziyatlarni tahlil qilish va to‘g‘ri qaror qabul qilish tajribasi hamda tegishli ko‘nikmalar hosil qilishni nazarda tutuvchi «case-study» metodikasini tatbiq etish; o‘quv, ilmiy va boshqa adabiyotlar, shu jumladan xorijiy adabiyotlar fondini, o‘qitishning texnik vositalari, shuningdek, global axborot-huquqiy bazalar va ta’lim resurslarini muntazam yangilab borish.
o‘quvchilarni chuqurlashtirilgan va kasbga yo‘naltirilgan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi davlat ta’lim standarti talablariga muvofiq sifatli o‘qitishni tashkil etish;
yoshlarni Vatanga, yuksak fuqarolik hamda demokratiya, mustaqillik g‘oyalariga, o‘z xalqining ma’naviy va tarixiy qadriyatlariga sadoqat ruhida tarbiyalash;
o‘quvchilarga qonunchilikni to‘g‘ri tushunishni va ularga rioya qilishni ta’minlaydigan yuksak madaniyatni, kasbiy ko‘nikmalarni, faol ijtimoiy-fuqarolik xulq-atvorni singdirish va ularda ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish;
o‘quvchilarda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini hurmat va himoya qilish, ular bilan xushmuomala bo‘lish madaniyatini shakllantirish, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish vazifalarini vijdonan bajarishga qodir bo‘lgan professional xodimlarni tayyorlashni ta’minlash;
o‘quvchilarda jismoniy chidamlilik, kuch, chaqqonlik va tezkorlikni rivojlantirish;
o‘quvchilarda keng dunyoqarash, sog‘lom fikrlash, alohida sharoitlarda vaziyatga to‘g‘ri baho berish ko‘nikmalarini va turli yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish;
o‘quvchilarda jinoyatchilikka qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, shuningdek jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati bo‘yicha tasavvurlarni hosil qilish;
o‘quvchilarda ichki ishlar organlari xodimlari uchun zarur bo‘lgan kasbiy- psixologik bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish;
iqtidorli, qobiliyatli o‘quvchilarni tanlash va ular tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha chuqur fundamental bilim olishlari uchun imkoniyatlar yaratib berish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlar oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirishga imkoniyat bera oladigan Davlat ta’lim standartlari doirasidagi umumta’lim va kasbga oid dasturlarning ishlab chiqilishini ta’minlash;
o‘quv-tarbiyaviy jarayonda sog‘lom muhitni amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratish, sog‘lom turmush tarzi me’yorlarini amalga tatbiq etish;
o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
o‘quvchilarning o‘zlashtirishi, davomatini va tayyorgarlik sifatini nazorat qilish, o‘quv jarayoni monitoringini amalga oshirish;
moddiy-texnik bazani zamonaviy talablar va standartlarga muvofiq yaxshilash va yangilab borish.
3-§. Akademik litsey o‘quvchilarining huquq va majburiyatlari
14. Akademik litseyga o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga o‘quvchilarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga asosan amalga oshiriladi.
15. Akademik litseyga umumta’lim muassasalarining 9-sinfini tamomlaganligi to‘g‘risidagi shahodatnomaga ega bo‘lgan, sog‘lig‘i jihatidan o‘qishga yaroqli deb topilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi. Akademik litseyda chet el fuqarolari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘qishi mumkin.
16. Akademik litseyga qabul O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan ichki ishlar organlarining ehtiyojini inobatga olgan holda belgilanadigan har yilgi kvotalar bo‘yicha tanlov asosida amalga oshiriladi.
17. Akademik litsey o‘quvchilarining asosiy vazifalari:
akademik litseyda o‘qitiladigan fanlarni chuqur o‘rganish va o‘zlashtirish;
ichki ishlar organlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun zarur bo‘ladigan dastlabki kasbiy bilim va ko‘nikmalarni egallash;
o‘quv amaliyotini o‘tash davrida ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari bo‘yicha dastlabki amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lish;
jismoniy tayyorgarligini muntazam oshirib borish; kelgusida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun doimiy tayyorgarlik ko‘rib borish.
18. Akademik litsey o‘quvchilari quyidagi huquqlarga ega:
o‘quv rejasi asosida tanlangan yo‘nalish bo‘yicha bilimlarni egallash;
akademik litseyning muhim masalalarini muhokama etish va hal qilishda qatnashish;
o‘zlarining qobiliyatlarini namoyon qilish va rivojlantirish, o‘z salohiyatini o‘stirish, o‘z bilimlarini ma’lum fan sohalari bo‘yicha chuqurlashtirish;
o‘quv va laboratoriya xonalari, Axborot resurs markazi fondi, sport zali va maydonchalaridan bepul foydalanish;
akademik litseyda tashkil etilgan fan va sport to‘garaklarida qatnashish;
akademik litseyning ma’naviy-ma’rifiy ishlarida ishtirok etish;
akademik litsey rahbariyatining buyruq va farmoyishlari yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish;
O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
17. Akademik litsey o‘quvchilarining majburiyatlari:
akademik litsey Ustaviga qat’iy rioya qilish;
o‘quv reja va dasturlar asosida mo‘ljallangan barcha nazorat turlari bo‘yicha vazifalarni belgilangan muddatlarda bajarish;
akademik litseyning ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarida faol qatnashish;
davlat mulki (o‘quv binosi, jihozlar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari va boshqa adabiyotlar)ga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lib, ularga shikast yetkazmaslik;
konferensiyalarda va litseyning boshqa o‘quv-tarbiyaviy tadbirlarida faol qatnashish;
mashg‘ulotlarni sababsiz qoldirmaslik;
akademik litsey hududida uyali aloqa vositalaridan foydalanmaslik;
narkotik va psixotrop moddalar, alkogol va tamaki mahsulotlar iste’mol qilmaslik hamda tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
umumiy ovqatlanish joylarida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilish;
belgilangan namunadagi kiyimda darslarga qatnashish;
muomala madaniyatiga va jamoat tartibiga rioya qilish;
O‘zbekiston xalqining milliy urf-odatlari va an’analariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish;
akademik litsey manfaati, uning sha’ni va an’analari, obro‘si hamda nufuzi to‘g‘risida qayg‘urish, ularni saqlab qolishga jonkuyarlik qilish va ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lish.
18. Mazkur Ustav talablari har bir o‘quvchini:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qilishga, Ichki ishlar vazirligi hay’ati qarorlarida belgilangan vazifalarni, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining buyruq, farmoyish va ko‘rsatmalarini qat’iy bajarishga;
o‘quv dasturlari asosida bilim va ko‘nikmalarni egallashiga, mashg‘ulotlarga qatnashishiga, mustaqil tayyorgarlik ko‘rishiga hamda pedagog xodimlar (rahbarlar)ning topshiriqlarini bajarishiga;
ta’lim-tarbiya jarayonining boshqa ishtirokchilariga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zo‘ravonlik ishlatmaslik hamda ularning o‘z majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilmasligiga;
ustav (ta’sis hujjati) talablariga, vaqtincha yashash joylari qoidalariga va ta’lim faoliyatini tashkil etish hamda amalga oshirishga oid boshqa ichki idoraviy hujjatlar talablariga rioya etishiga;
axloqiy, ma’naviy va jismoniy kamol topishga hamda o‘z dunyoqarashini kengaytirishga intilishiga;
ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini hurmat qilishiga;
akademik litseylarning mol-mulkini, moddiy va madaniy boyliklarini asrashga;
o‘qishdan tashqari holatlarda o‘zini munosib tutish, jamoat tartibi va odob-axloq qoidalariga amal qilishda namuna bo‘lishiga xizmat qiladi.
19. Akademik litseyda o‘quvchilarning qat’iy intizomiga qo‘yidagilar orqali erishiladi:
o‘quvchilarda xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlariga, uning madaniyati va urf-odatlariga chuqur hurmatni, ularda halollik, vijdonlilik, sadoqat, fidokorlik singari shaxsiy sifatlarni, shuningdek, milliy g‘urur tuyg‘ulariga ongli munosabatni shakllantirish;
o‘quvchilarda ichki ishlar organlari xodimlari uchun zarur bo‘lgan dastlabki kasbiy bilim va ko‘nikmalar, yuksak vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish;
har bir o‘quvchining ta’lim olishga bo‘lgan shaxsiy mas’uliyatini oshirish, kun tartibi va kiyinish qoidalariga qat’iy rioya etish;
pedagoglarning o‘quvchilarga nisbatan kunlik talabchanligi, ularga doimiy g‘amho‘rlik, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, o‘quv mashg‘ulotlarini sifatli o‘tkazish;
rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini oqilona va asosli qo‘llash;
o‘quvchilarning psixologik va o‘ziga xos xususiyatlarini, jismoniy va ruhiy salomatligini, fiziologik rivojlanishini hisobga olish, ularni o‘qitish uchun zarur moddiy-maishiy sharoitlarni yaratish orqali erishiladi.
20. Akademik litsey o‘quvchilari ichki idoraviy hujjatlar va odob-axloq qoidalari talablariga rioya etishlari shart.
Odob-axloq qoidalariga rioya etish o‘quvchining ta’lim olishi va undagi xulq-atvorini baholash mezonlaridan biri hisoblanadi.
21. O‘quvchilarning odob-axloq qoidalarining asosiy talablariga amal qilishlari qo‘yidagilarni nazarda tutadi:
davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari asosida bilim va ko‘nikmalarni vijdonan egallash hamda odob-axloq qoidalari talablarga qat’iy rioya etish;
ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari bilan muloqotda hushmuomala, kamtar va bosiq bo‘lish, axloqiy, ma’naviy va jismoniy kamol topishga hamda o‘z dunyoqarashini kengaytirishga intilish;
ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini hurmat qilish, shuningdek, o‘z obro‘siga yoki akademik litseyning nufuziga zarar yetkazuvchi hatti-harakatlarni sodir etmaslikdan iborat.
22. Shaxsiy vaj va boshqa sub’ektiv sabablar o‘quvchilar tomonidan qonunchilik talablari va odob-axloq qoidalari buzilishiga asos bo‘la olmaydi.
23. O‘quvchilar xushmuomala va e’tiborli, shuningdek, ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishlari, ularga asossiz psixologik va jismoniy ta’sir ko‘rsatish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi zarur.
O‘quvchilar akademik litseyning ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilariga ularning unvonini (agar mavjud bo‘lsa), ismi-sharifini aytib murojaat qilishlari, xodimlar tomonidan berilgan topshiriqlarni diqqat bilan tinglashlari, ular bilan munosabatda o‘zini vazmin tutishlari lozim.
24. O‘quvchilar o‘qishdan tashqari bo‘sh vaqtlarida umumiy odob-axloq qoidalariga amal qilishlari, g‘ayriijtimoiy harakatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymasliklari zarur.
25. O‘quvchining boshqa o‘quvchilar bilan so‘zlashish odobi va muomalasi uning akademik litsey o‘quvchilari orasidagi nufuzini belgilaydi. O‘quvchi o‘zining namunali xulqi va bilimi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim.
26. O‘quvchilar ichki ishlar organlari xodimlarining muomala madaniyati qoidalariga so‘zsiz amal qilishlari shart.
27. O‘quvchilar formali kiyim-boshlarini bo‘y-bastiga mos, dazmollangan, tugmalari qadalgan, mavsumga qarab, toza va ozoda kiyishga, farqlovchi belgilarni, davlat mukofotlari va ichki ishlar organlari ko‘krak nishonlarini o‘rnatilgan tartibda taqib yurish qoidasiga qat’iy amal qilishlari lozim.
28. O‘quvchilar formada bo‘lganda ofitser va xodimlar tarkibiga harbiycha, baland ovozda, aniq va tushunarli tarzda hamda Saf nizomi asosida salom berishlari shart.
29. O‘quvchilar formali kiyim-boshda jamoat joylarida axloq normalarini buzishlari mumkin emas, shunday holat o‘quvchiga nisbatan intizomiy ta’sir chorasini qo‘llashga asos bo‘ladi.
30. O‘quvchilar sochi va soqoli olingan holda formali kiyim-boshni toza va ozoda, did bilan kiyishlari lozim.
Forma va fuqarolik kiyim-boshni aralashtirib kiyish taqiqlanadi, shuningdek, formada bo‘lganda zargarlik buyumlari (taqinchoqlar)ni taqishga yo‘l qo‘yilmaydi.
31. O‘quvchilar formali kiyim-boshda atrofdagilarning e’tiborini tortadigan, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan odatlardan tiyilishi (masalan, pista chaqishi, saqich chaynashi va h.q.) lozim.
32. O‘quvchilarga nisbatan qo‘yidagi rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi:
minnatdorchilik e’lon qilish;
qimmatbaho sovg‘a yoki pul mukofoti bilan taqdirlash;
Fahriy yorliq bilan taqdirlash;
Hurmat taxtasiga kiritish;
o‘quvchilarning ota-onasi yoki turar joyiga minnatdorchilik hati yuborish;
Shuningdek, o‘quvchilar Ichki ishlar vazirligining idoraviy stipendiyasi va ko‘krak nishoniga tavsiya etilishi mumkin.
33. O‘quvchilarga nisbatan ko‘yidagi intizomiy ta’sir choralari qo‘llaniladi:
litsey o‘quvchilari orasida muhokama qilish;
ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar ishtirokida akademik litsey rahbariyati huzurida muhokama qilish;
yashash joyi bo‘yicha mahalla fuqarolari yig‘ini va ichki ishlar organlariga ogohlantirish xati yuborish;
o‘quvchilarni o‘qishdan chetlashtirishdan iborat.
34. Akademik litsey rahbariyati rag‘batlantirish va intizomiy ta’sir choralarini qonun hujjatlari bilan o‘zlariga berilgan vakolatlar doirasida qo‘llaydi, shuningdek o‘quvchilarni rag‘batlantirishga tavsiya etadi.
35. Akademik litsey direktori (uning vazifasini bajaruvchi shaxs) Ustavning 33-bandida nazarda tutilgan rag‘batlantirish hamda 34-bandida nazarda tutilgan intizomiy ta’sir choralarini qo‘llashga haqli hisoblanadi.
36. Rag‘batlantirish alohida o‘quvchiga nisbatan ham, bir guruh o‘quvchilarga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin.
O‘quvchilarga bir yutug‘i uchun faqat bitta rag‘batlantirish berilishi mumkin.
Rag‘batlantirish belgilashda o‘quvchining namunali xulqi va o‘qishdagi muvaffaqiyatlari e’tiborga olinadi.
37. Rag‘batlantirish choralari, qoida tariqasida, quyidagicha qo‘llaniladi:
minnatdorchilik e’lon qilish – namunali xulqli, fanlarni puxta o‘zlashtirgan, tartib-qoidalarga so‘zsiz amal qilgan o‘quvchi (o‘quvchilar guruhi)ga nisbatan;
qimmatbaho sovg‘a yoki pul mukofoti bilan taqdirlash – o‘quvchi (o‘quvchilar guruhi)ga nisbatan o‘qish davomida yuqori natijalarga erishgani uchun, olimpiada, musobaqalar (bellashuv)ning nufuzi va yakuniy natijalariga ko‘ra;
Fahriy yorliq bilan taqdirlash – o‘quvchi (o‘quvchilar guruhi)ga nisbatan o‘qish davomida yuqori natijalarga erishgani uchun, musobaqa (bellashuv)ning nufuzi va yakuniy natijalariga ko‘ra, o‘qishni (o‘quv yilini) muvaffaqiyatli yakunlaganda;
Hurmat taxtasiga kiritish – ijtimoiy-madaniy hayotda faol ishtirok etgan, o‘quv dasturlarini a’lo baholarga o‘zlashtirgan va sportda yuqori natijalarga erishgan o‘quvchiga nisbatan;
ota-onasiga yoki yashash joyiga minnatdorchilik xati yuborish – ijtimoiy-madaniy hayotda faol ishtirok etgan, namunali xulqi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lgan, o‘quv jarayonini a’lo baholar bilan yakunlagan o‘quvchilarga nisbatan.
38. Qimmatbaho sovg‘a yoki pul mukofoti va Fahriy yorliq bilan taqdirlash akademik litsey direktorining tegishli buyrug‘i bilan e’lon qilinadi.
Minnatdorchilik e’lon qilish buyruq orqali hamda og‘zaki e’lon qilinishi mumkin.
Rag‘batlantirish to‘g‘risidagi buyruq o‘quvchiga shaxsan, saf oldida yoki kengaytirilgan majlis (yig‘ili)da tantanali tarzda e’lon qilinib, fahriy yorliq, qimmatbaho sovg‘a yoki pul mukofotlari topshiriladi.
39. Rag‘batlantirilgan o‘quvchilarning hisobi direktorning ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan yuritiladi.
40. O‘quvchilarga intizomiy ta’sir choralari akademik litsey pedagogik kengashi yig‘ilishining tegishli qarori asosida xulosa qilinib, akademik litsey direktorining buyrug‘i bilan e’lon qilinadi.
41. Ustavda nazarda tutilmagan intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash taqiqlanadi.
42. Intizom bir necha o‘quvchilar tomonidan buzilganda, intizomiy ta’sir choralari ularning har biriga nisbatan alohida qo‘llaniladi.
43. Intizomiy ta’sir choralarining qo‘llanilishi asosli bo‘lishi va sodir etilgan hatti-harakat darajasiga muvofiq kelishi zarur.
Intizomiy ta’sir choralarini belgilash chog‘ida nojo‘ya xatti-harakatlarning xususiyati, oqibatlari, aybdorning bungacha bo‘lgan xulq-atvori, shuningdek o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishga bo‘lgan munosabati e’tiborga olinadi.
O‘quvchi tomonidan sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakatlar unchalik ahamiyatga ega bo‘lmasa, rahbar unga nisbatan intizomiy ta’sir va jazo chorasini qo‘llamasligi va boshqa bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik borasida og‘zaki ogohlantirish berish bilan kifoyalanishi mumkin.
44. Intizomiy ta’sir choralari quyidagi hollarda qo‘llaniladi:
guruhda muhokama qilish – o‘rnatilgan kun tartibini buzgan, belgilangan kiyim kiyish qoidasiga yoki mazkur Ustav talablariga rioya qilmagan o‘quvchiga nisbatan;
ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar ishtirokida litsey rahbariyati huzurida muhokama qilish – o‘quvchidan ilgari tushuntirish xati olinib, og‘zaki ogohlantirilgandan so‘ng takroran Ustav talablarini buzgan, rahbariyat va pedagoglarning topshiriqlarini bajarmay, ular bilan nosamimiy munosabatda bo‘lgan, o‘rnatilgan kun tartibiga rioya etmagan, belgilangan formali kiyim-boshni kiyish va odob-axloq qoidalarini buzgan, o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishi past bo‘lgan o‘quvchiga nisbatan;
yashash joyi bo‘yicha mahalla fuqarolari yig‘ini va ichki ishlar organlariga ogohlantirish xati yuborish – ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar ishtirokida litsey rahbariyati huzurida muhokama qilingan bo‘lishiga qaramasdan, Ustav talablarini muntazam ravishda buzgan, rahbariyat va pedagoglarning topshiriqlarini bajarmay, ular bilan nosamimiy munosabatda bo‘lgan, o‘rnatilgan kun tartibiga rioya etmagan, belgilangan formali kiyim-boshni kiyish, odob-axloq qoidalarini buzgan, o‘quv dasturini qoniqarsiz o‘zlashtirgan o‘quvchilarga nisbatan qo‘llaniladi.
o‘quvchilarni o‘qishdan chetlashtirish – uzrli sabablarsiz 72 soat va undan ortiq dars qoldirsa, semestr yakunlari bo‘yicha 2 va undan ortiq fanlarni o‘zlashtira olmasa, ichki tartib-qoidalari qo‘pol ravishda buzilganda hamda bir o‘quv yili davomida Ustavda keltirilgan intizomiy ta’sir choralari kamida 3 marotaba qo‘llanilgan o‘quvchiga nisbatan amalga oshiriladi.
Nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etgan o‘quvchilar o‘z xoxishi bilan boshqa ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirganda yuqoridagi intizomiy ta’sir choralari ularga nisbatan qo‘llanilmaydi.
45. Quyidagilar intizomni qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi:
o‘zaro janjal oqibatida bir-biriga jarohat yetkazish;
ta’lim muassasasiga taqiqlangan narsa va predmetlarni olib kirish (sovuq qurol, spirtli ichimlik, giyohvandlik vositasi yoki psixotrop modda va boshqalar);
ta’lim muassasasi va uning hududida alkogol ichimlik, giyohvandlik vositasi va (yoki) boshqa moddalarni iste’mol qilish;
ta’lim muassasasi hududida ishchi va xizmatchilar, pedagoglar hamda o‘quvchilar hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishga olib keluvchi xatti harakatlar sodir etish (agar bu jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lmasa);
46. O‘quvchi ta’lim muassasasida alkogol ichimlik, giyohvandlik vositasi va (yoki) boshqa moddalar ta’sirida mast bo‘lganligi sababli intizomiy ta’sir chorasini qo‘llash uchun ushbu holatni isbotlash maqsadida tibbiy tekshiruv natijalariga, agar o‘quvchi tekshiruvdan bosh tortsa, kamida ikki xodim yoki boshqa shaxslar ko‘rsatmalariga asoslaniladi.
47. Intizomiy ta’sir chora qo‘llashdan avval o‘quvchidan belgilangan tartibda yozma ravishda tushuntirish xati olinishi lozim. Agar o‘quvchi tushuntirish xati berishdan bosh tortsa, tegishli ravishda dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Tushuntirish xati berishdan bosh tortish sodir etilgan xatti-harakatlar uchun intizomiy ta’sir chorasi tayinlashga to‘sqinlik qilmaydi va intizomiy ta’sir chorasining og‘irrog‘ini qo‘llashga olib kelmaydi.
Intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash vaqtida o‘quvchining sha’ni va qadr-qimmatini kamsitilishiga, u bilan qo‘pol munosabatda bo‘lishga yo‘l qo‘yilmasligi shart.
48. E’lon qilingan intizomiy ta’sir chorasi o‘quvchining shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga kiritish orqali hisobga olinishi lozim.
Intizomiy ta’sir chorasi qo‘llangan o‘quvchilarning hisobi direktorning ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan yuritiladi.
49. O‘quvchilar o‘zaro munosabatlari hurmat va xushmuomalalik tamoyillariga asoslanadi. Ular bir-biriga sizlab murojaat qilishlari lozim.
50. O‘quvchilar bir-birlarining ismi va familiyalarni buzib talaffuz etishlari, shuningdek, laqab bilan chaqirishlari va qo‘pollik qilishlari mumkin emas.
51. O‘quvchilar bir-birlarining formali kiyim-boshdagi foto va video tasvirlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishi qat’iyan taqiqlanadi.
52. O‘quvchilar guruh sardoriga bo‘ysunadilar va uning vakolat doirasida bergan topshiriqlarini bajaradilar.
Guruh sardori bo‘lmagan taqdirda uning yordamchisi sardor vazifasini bajaradi.
53. Akademik litsey o‘quvchilari akademik litseyning mavjud yotoqxonasidan qonun hujjatlarida belgilangan umumiy talablar asosida foydalanishlari mumkin.
54. O‘quvchilarga belgilangan namunadagi o‘quvchi bileti va o‘zlashtirish daftarchasi beriladi.
55. O‘qishdagi yutuqlari, o‘quv-ilmiy, ijodiy faoliyati va boshqa ishda faol qatnashganligi uchun litsey o‘quvchilari moddiy va ma’naviy rag‘batlantirilishi mumkin.
56. Muntazam ravishda fanlarni o‘zlashtirmaslik, o‘qishni xohlamaslik, ichki tartibni qo‘pol ravishda va bir necha marta buzish, kasallikka chalingan holatlarida yoki tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa holatlarda o‘quvchilarni akademik litseydan o‘quvchilar tarkibidan chiqarish va boshqa ta’lim muassasasiga o‘tkazish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Akademik litseydan chetlashtirilgan o‘quvchilarni boshqa turdosh ta’lim muassasalariga ko‘chirish va ularning hujjatlarini rasmiylashtirish qonunchilikda belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi.
57. O‘quv reja va dasturlarining barcha talablarini to‘la bajargan o‘quvchilar davlat attestatsiyasiga qo‘yiladi.
58. Akademik litsey bitiruvchilariga ta’limning keyingi bosqichlarida o‘qishni davom ettirish yoki mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi davlat namunasidagi diplom beriladi.
59. O‘quv rejalaridagi hamma fanlardan «a’lo» (xulqi «namunali») baho olgan o‘quvchilarga «A’lo darajali» diplom beriladi.
4-§. O‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish
60. Akademik litseyda o‘quv jarayoni davlat ta’lim standartlariga asosan hamda o‘quvchilarni ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash va Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun maqsadli tayyorlashni nazarda tutadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq tashkil etiladi.
Akademik litseyning ta’lim yo‘nalishlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan mustaqil belgilanadi.
61. Akademik litseyda o‘qish davlat va rus tilida olib boriladi.
62. O‘quv rejasi, o‘quv jarayoni jadvali, o‘quv mashg‘ulotining turlari, auditoriya va auditoriyadan tashqari o‘quv-tarbiyaviy ishlar, shuningdek o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishning boshqa masalalari O‘rta maxsus ta’limi davlat ta’lim standartlari talablaridan kelib chiqib, akademik litseyning o‘ziga xosligi hisobga olingan holda belgilanadi.
63. O‘quv jarayonini tashkil etishda Pedagogik kengash qarori bilan akademik litseylar ixtiyoriga ta’lim tizimining zamonaviy shakllarini joriy qilish imkoniyati beriladi.
64. O‘quvchilarni tarbiyalash va o‘qitish jarayonida auditoriya va auditoriyadan tashqari mashg‘ulotlar o‘tkazishning turli zamonaviy shakllari va interfaol usullaridan foydalaniladi.
65. Guruhdagi o‘quvchilar soni 26 kishidan oshmaydi. Laboratoriya, amaliy, seminar mashg‘ulotlari, chuqurlashtirilib o‘qitiladigan va til o‘rgatish fanlari (ularning ro‘yxati o‘quv rejasida ko‘rsatiladi) mashg‘ulotlarida kichik o‘quv guruhlarida o‘quvchilar soni 13 nafargacha bo‘ladi.
66. O‘quv mashg‘ulotlari davlat va nodavlat tashkilotlarining mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tomonidan belgilangan tartibda soatbay haq to‘lash asosida o‘tkazilishi hamda mashg‘ulotlarga ichki ishlar organlarining boy amaliy tajribaga ega amaliyot xodimlari jalb etilishi mumkin.
67. Akademik litseyda o‘quv mashg‘ulotlariga ilg‘or pedagogik va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, ta’lim berishda o‘quv jarayonini ichki ishlar organlarining amaliy faoliyati bilan bog‘lashga qaratilgan ilmiy-metodik ishlar olib boriladi.
68. O‘quv jarayoni davomida o‘quvchilarning ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlarida, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatida amaliyot o‘tashlari belgilanadi.
69. O‘quv yilining boshlanishi va uning tugallanishi o‘quvchilarning haftalik yuklamasi muddati va imtihon sessiyalari hamda ta’tillarining davomiylik muddati, shuningdek o‘qishni yakunlash shakllari va o‘quv amaliyoti turlari o‘quv rejalari asosida olib boriladi.
70. Akademik litseyda o‘quvchilar bilimini baholash O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan mezonlar asosida amalga oshiriladi.
O‘quv yili yakunlangandan keyin akademik litsey o‘quvchilarini har bir bosqichda o‘zlashtirish va attestatsiya natijalari bo‘yicha navbatdagi bosqichga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. O‘quvchilarning bir bosqichdan keyingi bosqichga o‘tishi akademik litsey direktorining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
71. Akademik litseyda o‘quvchilarni sabablardan qat’iy nazar nazorat ishlari (sinov, test, oraliq va yakuniy nazorat imtihonlar)dan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
72. O‘qitish har bir bosqichda alohida fanlar bo‘yicha attestatsiya va imtihonlar bilan yakunlanadi. Imtihonlarining shakli va soni Pedagogik kengash qaroriga muvofiq belgilanadi.
73. Akademik litseyda tarbiyaviy ishlar milliy an’analar va umuminsoniy qadriyatlardan kelib chiqib, tashkil qilinadi.
Tarbiyaviy ishlar o‘quv jarayoni bilan bog‘liq holda ta’lim muassasasi rahbariyati, o‘qituvchilar tarkibi tomonidan o‘quvchilarni kelgusida ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarida samarali xizmat qilishlarini ta’minlash, ularni Vatanga sadoqat, yuksak fuqarolik hamda demokratiya, mustaqillik g‘oyalariga, o‘z xalqining ma’naviy va tarixiy qadriyatlariga sodiqlik ruhida tarbiyalash asosida tashkillashtiriladi va amalga oshiriladi.
Tarbiyaviy ishlar o‘quvchilarning individual xususiyatlarini inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
O‘quvchilar bilan olib boriladigan tarbiyaviy ishlar ulardan kelgusida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurash vazifalarini vijdonan bajarishga qodir bo‘lgan professional kadrlar tayyorlashni ta’minlashga xizmat qilishi lozim.
74. Akademik litseyda o‘quv yilning birinchi kungi mashg‘ulotlari ta’lim muassasasi ishlab chiqqan tadbirlarga muvofiq vazirlik va idoralar, ularning joylardagi bo‘limlari, hokimiyatlar, homiylar, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida tantanavor ruhda, O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘ini olib chiqish va O‘zbekiston madhiyasini ijro etish bilan boshlanadi.
75. Akademik litseydagi birinchi dars O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligi va milliy tiklanish g‘oyalariga bag‘ishlanadi.
76. Akademik litseyda har bir hafta dushanba kuni tantanali saflanish, O‘zbekiston Republikasi madhiyasini aytish, ma’naviy-ma’rifiy va siyosiy iqtisodiy yo‘nalishlaridagi axborotlar, haftaga yakun yasash va boshlanayotgan haftadagi masalalarni ko‘rib chiqish bilan boshlanadi.
77. O‘quv yilining tugallanishi, o‘quvchilarni bosqichdan-bosqichga o‘tkazish tadbiri tantanali ravishda bayroq olib chiqqan holda O‘zbekiston madhiyasini aytish bilan boshlanadi.
O‘quv yilining tugallanishi, o‘quvchilarni bosqichdan-bosqichga o‘tkazish, o‘quv yilining yakuni bo‘yicha qo‘shimcha tadbirlar o‘quv muassasasi jamoat tashkilotlari tomonidan milliy an’analar, o‘zbek xalqining o‘ziga xos xususiyatlari va umuminsoniy qadriyatlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Tadbirlar davomida a’lochi o‘quvchilarga faxriy yorliqlar va qimmatli sovg‘alar topshiriladi.
78. O‘qitish, jismoniy va jangovar tayyorgarlikni oshirish, mehnat, dam olish va turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni birgalikda olib borishning tibbiy-pedagogik asoslanishini ta’minlaydigan kun tartibi o‘quvchilarning IIV akademik litseyidan boshqa akademik litseylarida belgilangan ta’lim olishining umumiy tartib-qoidalarini hisobga olgan holda tuziladi va IIV akademik litsey Pedagogik kengashining qarori bilan tasdiqlanadi.
5-§. Akademik litseyning tarkibi
79. Akademik litsey tashkiliy jihatdan rahbariyat, o‘quv, kadrlar, elektron axborot-resurs texnologiyalari, axborot-resurslarni qabul qilish va fondlarni shakllantirish bo‘limlari, kafedralar, axborot-resurs markazi, buxgalteriya va boshqa o‘quv-yordamchi hamda xo‘jalik bo‘linmalaridan iborat bo‘lishi mumkin. Akademik litseyning shtat jadvali O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan tartibga solinadi.
80. Akademik litseyda kasaba uyushmasi va boshqa jamoat tashkilotlari tuzilishi mumkin. Kasaba uyushmasi va boshqa jamoat tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va ustavi asosida faoliyat ko‘rsatadi.
6-§. Akademik litseyning pedagogik kadrlari va yordamchi xodimlari
81. Tegishli ma’lumotga, kasbiy tayyorgarlikka va yuksak axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan shaxslar akademik litseyda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga egadirlar.
Akademik litseyga o‘qituvchilar tanlov asosida O‘zbekiston Respublikasi IIV Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi bilan hamkorlikda akademik litsey direktori tomonidan ishga qabul qilinadi.
Akademik litseyga ichki ishlar organlarida xizmat qilgan, malaka talablariga to‘g‘ri kelgan va pedagogik ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar o‘qituvchilik lavozimiga tayinlanishi mumkin.
82. Ishga qabul qilinuvchining huquq va majburiyatlari, haq to‘lash va ishni tashkil qilish sharoitlari O‘zbekiston Respublikasiing Mehnat kodeksi va o‘quv muassasasining shtat jadvaliga ko‘ra amalga oshiriladi.
83. Akademik litseydagi pedagogik xodimlarning vazifalari:
pedagogik mehnat va o‘quv-tarbiyaviy, hamda ilmiy jarayonning yuqori sifatli bo‘lishini ta’minlash;
o‘quvchilarda mustaqillik, tashabbuskorlik, ijodiy qobiliyat, kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish;
o‘quvchilarning yo‘naltirilgan fanlarga qiziqishlarini kuchaytirish;
iqtidorli o‘quvchilarga bilimning aniq sohalarida va ilmiy tekshirishlarida bilimlarini chuqurlashtirishga yordam berish;
maxsus o‘quv dasturini va ilg‘or pedagogik texnologiyani ishlab chiqarishda faollik ko‘rsatish;
iqtidorli o‘quvchilarni o‘qitish va ularga psixologik hamda pedagogik uslubiy sharoitlarni yaratib berishda faol qatnashish.
84. Pedagogik faoliyat darajasini baholash uchun litsey o‘qituvchilari belgilangan muddatlar va tartibda attestatsiyadan o‘tkaziladi.
85. Akademik litseyning pedagogik kadrlari amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan talablar asosida malakalarini oshiradilar.
86. Ma’muriy xo‘jalikdagi yordamchi xodimlarning huquq va vazifalari direktor tomonidan tasdiqlangan yo‘riqnomalar va ichki tartib qoidalari asosida belgilanadi.
7-§. Akademik litseyni boshqarish
87. Akademik litseyga tashkiliy va o‘quv-metodik rahbarlik qilish, davlat ta’lim standartini ishlab chiqish va joriy etish, o‘quv ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish, pedagog kadrlar bilan ta’minlash, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
88. Akademik litseyga O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi. Akademik litseyning umumiy faoliyatini boshqarish direktor tomonidan amalga oshiriladi. Direktor akademik litseyning faoliyati natijalari uchun shaxsan javob beradi.
89. Akademik litseyning direktori Pedagogik kengash raisi hisoblanadi. Akademik litsey direktori o‘quv muassasasi nomidan ish ko‘radi, boshqa tashkilotlar bilan bog‘lanadi, uning moddiy bazasini idora etadi, shartnomalar tuzadi, ishonch qog‘ozlari beradi, banklarda hisob raqamlari ochadi va kreditlarni boshqaruvchi hisoblanadi, o‘quv muassasasi doirasida hamma ishchi va o‘quvchilar uchun majburiy bo‘lgan buyruq va ko‘rsatmalar beradi.
90. Akademik litsey direktori:
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda o‘z o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
akademik litsey tarkibidagi barcha xodimlarni lavozimga tayinlaydi va lavozimdan bo‘shatadi;
kasaba uyushma tashkiloti bilan kelishilgan holda direktor o‘rinbosarlari va litsey xodimlarining funksional vazifalarini belgilaydi;
o‘quv tarbiyaviy jarayonlarni rejalashtiradi, tashkil etadi hamda uning bajarilishi va natijasi ustidan nazorat qiladi;
darsdan tashqari ishlarning tashkil etilishiga zarur shart-sharoitlar yaratib beradi;
o‘quvchilarning sifatli o‘qitilishi va tarbiyalanishi, o‘quv rejalari va dasturlarining bajarilishi, akademik litseyning o‘quv-metodik va moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining zarur darajada amalga oshirilishini ta’minlaydi;
akademik litsey ishining tartibini, haftalik o‘quv haftasining va o‘quv mashg‘ulotlarining davom etish muddatlarini belgilaydi;
pedagogik xodimlarning ijodiy o‘sishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, pedagogik tashabbuslar, ijodiy izlanishlar, tajriba ishlarini qo‘llab-quvvatlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
91. Akademik litsey direktorining huquqlari:
ish reja va o‘quv rejani akademik litseyning Pedagogik kengashida tasdiqlash uchun taqdim etish, o‘qitish sohasiga muvofiq ravishda o‘quv rejasi va dasturlariga o‘zgartirishlar kiritish, o‘quv yili davomida o‘quvchilarning bilimlarini tekshirish shakllarini, bosqichdan — bosqichga o‘tkazish imtihonlarini, o‘qitish vositalari va uslublarini, o‘quvchilarni tarbiyalash yo‘llarini aniqlash ishlarini amalga oshirish;
akademik litsey ehtiyojiga kerakli moddiy jihozlarni va boshqa moddiy resurslarni belgilangan tartibda sotib olish, ijaraga olish va buyurtma qilish;
turli moliyaviy manbalardan foydalanib, akademik litseyning fondini shakllantirish;
akademik litseyda belgilangan shtatlar jadvaliga asosan xodimlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida pedagog xodimlarning tarifikatsiya bo‘yicha ro‘yxatlarini O‘zbekiston Respublikasi IIV Moliyaviy ta’minot xizmati bilan kelishilgan holda tasdiqlash;
akademik litsey o‘quvchilari jamoat tashkilotlari va boshqa akademik litsey xodimlari hamkorligida o‘qishda (ishda) alohida ko‘rsatkichlarga erishgan o‘quvchi va o‘qituvchilar hamda ishchi xodimlarni taqdirlash (moddiy yordam ko‘rsatish), mukofotga taqdim etish, lozim bo‘lganda ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jazo choralarini ko‘rish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlar va o‘qituvchilarni ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish;
akademik litsey faoliyatiga oid o‘z vakolati doirasida buyruqlar chiqarish; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ega bo‘lish.
92. Akademik litseyning direktori va o‘rinbosarlari, shuningdek boshqa mansabdor shaxslari malaka talablarida, mehnat shartnomasi (kontrakti)da va mazkur ustavda nazarda tutilgan o‘z funksional vazifalarining bajarilishi yuzasidan javob beradilar.
93. Akademik litseyda direktor huzurida o‘quv-tarbiyaviy jarayonni tashkil etishga va takomillashtirishga ko‘maklashadigan kollegial organ hisoblanadigan Pedagogik kengash tashkil etiladi.
94. Pedagogik kengash:
o‘z faoliyatini o‘quv yiliga mo‘ljallangan ish rejasi asosida amalga oshiradi;
akademik litsey rivojlanishning asosiy yo‘nalishlarini, o‘quv sifatini oshirish va takomillashtirish, ixtisoslikka tayyorlashni yaxshilash, qo‘shimcha moliyaviy mablag‘larni jalb qilish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash yo‘llarini belgilaydi;
ta’lim mazmunining turli (o‘quv rejasi dasturi, qo‘llanmalar) shakllari, o‘quv-tarbiya jarayonining uslublari va ularni amalga oshirish yo‘llarini ishlab chiqadi, o‘quvchilarni qabul qilish, bosqichdan bosqichga ko‘chirish, o‘qishdan chetlashtirish ishlarini muhokama qiladi hamda tegishli qarorlar qabul qiladi;
pedagogik kadrlarning malakasini oshirish, ularning ijodiy tashabbusini rivojlantirish, ijobiy pedagogik tajribani keng yoyish ishlarini tashkil qiladi;
pedagogik kadrlarga toifalarni berish haqida takliflar kiritadi;
akademik litsey tarkibiy tuzilmalarining hisobotlarini eshitadi va muhokama qiladi;
budjetdan tashqari mablag‘larning tushishi va ulardan o‘quv maqsadida foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni muhokama qiladi va tegishli qaror qabul qiladi;
akademik litsey faoliyatiga tegishli bo‘lgan boshqa masalalarni muhokama qiladi.
95. Pedagogik kengash qarorlarini bajarish litseyning barcha xodimlari uchun majburiydir.
96. O‘quv bosqichlarda akademik guruhlarga guruh sardorlari IIV akademik litseyi direktorining buyrug‘i bilan vatanparvar, yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan tashkilotchi hamda faol o‘quvchilar orasidan tayinlanadi.
8-§. Moliya-xo‘jalik faoliyati va moddiy-texnik ta’minlash
97. Akademik litsey faoliyatini moliyalashtirish qonun hujjatlariga muvofiq quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasidan ajratiladigan mablag‘lar;
ta’lim xizmatlari ko‘rsatish yoki bino va inshootlarni belgilangan tartibda ijaraga berishdan, ilmiy-pedagogik, ishlab chiqarish va akademik litseyning ustavidagi vazifalariga muvofiq bo‘lgan faoliyatning boshqa turlaridan olingan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari va maqsadli badallari;
xorijiy davlatlar davlat kreditlari va xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
98. Akademik litsey moliyaviy mablag‘larlardan qonun hujjatlariga hamda o‘zining ustaviga muvofiq foydalanadi.
99. Akademik litseyning mol-mulki asosiy fondlar, aylanma mablag‘lar, moliyaviy resurslar va akademik litseyning mustaqil balansida aks etgan boshqa moddiy qimmatliklardan iborat.
100. Akademik litseyning bino va inshootlari, moddiy-texnik vositalari, o‘quv uskunalari va boshqa mulklari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi balansida, akademik litseyning foydalanishida bo‘ladi va ulardan belgilangan maqsadlarda foydalaniladi.
101. Akademik litseyning o‘quv, laboratoriya xonalari va boshqa ob’ektlarini jihozlash Davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiq o‘rta maxsus ta’limi jarayonini moddiy-texnik ta’minlashning namunaviy normativlarida belgilanadi.
102. Akademik litseyning pedagogik va ma’muriy-xo‘jalik xodimlariga akademik litseylarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shart-sharoitlari joriy etiladi.
103. Akademik litsey direktori va uning ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha hamda xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha o‘rinbosarlarining pul ta’minoti ichki ishlar organlari xodimlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar va normalarni hisobga olgan holda belgilanadi.
104. Akademik litseyda pedagogik va ma’muriy-xo‘jalik xodimlarni mukofotlash, ularga ustama xaq to‘lash shartlari va tartibi litsey Pedagogik kengashi tomonidan belgilanadi.
105. Binolar, inshootlar va qurilmalar mehnat muhofazasi ekologiya talablari va yong‘inning oldini olish qoidalari asosida jihozlanadi.
106. Mehnatni muhofaza qilish, litsey o‘quvchi va xodimlariga maishiy xizmat ko‘rsatish uchun mas’ul shaxslarning javobgarligi amaldagi qonun hujjatlari asosida belgilanadi.
107. Akademik litsey belgilangan tartibda o‘z ishlari natijalarining tezkor buxgalteriya hisobini amalga oshiradi, statistika va buxgalteriya hisobotlarini yuritadi.
108. Akademik litseyda xo‘jalik va moliyaviy intizomga rioya etilishini nazorat qilish ichki ishlar organlarining vakolatli xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
109. Akademik litseyning xalqaro hamkorlik faoliyati O‘zbekiston Respublikasining davlatlararo, hukumatlarlaro, idoralararo shartnomalari, akademik litseyning xorijiy tashkilotlar bilan tuzgan bitimlari asosida amalga oshiriladi.
Akademik litseyning xalqaro hamkorlik faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xalqaro hamkorlik boshqarmasi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
110. Akademik litseyni tugatish va tashkil etish amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
9-§. Yakunlovchi qoidalar
111. Mazkur Ustavni qo‘llash bilan bog‘liq holda vujudga keladigan kelishmovchiliklar qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.